PRTS · Public Recycling Tracking System
Maxfiylik siyosati
Yangilangan: 2026-10-14
1. Kim ma’lumotlarni yig‘adi
PRTS (Public Recycling Tracking System — ommaviy qayta ishlashni kuzatish tizimi) mobil ilovalari («PRTS» va «PRTS Biznes») hamda veb-paneli operatori — YTT TOSHMAMATOV ASROR BOTIR O'G'LI (yakka tartibdagi tadbirkor; keyingi o‘rinlarda — «biz»). Bu xususiy xizmat, davlat tashkiloti emas. Aloqa: ilovadagi «Qo‘llab-quvvatlash» bo‘limi, telefon +998 95 105 00 52, elektron pochta prts.uz@proton.me.
Xizmat 18 yoshga to‘lgan shaxslar uchun. 18 yoshga to‘lmaganlarning ma’lumotlarini bila turib yig‘maymiz; shunday holat aniqlansa, hisob va ma’lumotlar o‘chiriladi.
2. Qanday ma’lumotlar yig‘iladi
- Telefon raqami — hisobga kirish uchun (bir martalik tasdiqlash kodi Telegram yoki SMS orqali keladi). Parol saqlanmaydi.
- Ism va familiya — ixtiyoriy; haydovchi sizni topishi uchun.
- Manzil va joylashuv — faqat buyurtma berayotganingizda va xaritada yaqin tashlash joylarini ko‘rsatish uchun. Joylashuv fon rejimida yig‘ilmaydi.
- Buyurtmalar tarixi — topshirilgan xomashyo turi, vazni va hisoblangan keshbek.
- Bank kartasi raqami — faqat keshbekni yechib olish so‘rovida siz kiritsangiz; ma’lumotlar bazasida shifrlangan holda saqlanadi. Ilova, veb-panel, hisobotlar va Telegram xabarlarida faqat niqoblangan ko‘rinishi (ko‘pi bilan birinchi 4 va oxirgi 4 raqami) ko‘rsatiladi. To‘liq raqamni faqat administrator va faqat so‘rovni ko‘rib chiqish va pulni o‘tkazish uchun (korxona kartasida — rekvizitni tasdiqlashda ham) ko‘ra oladi; har bir ko‘rish audit iziga yoziladi. Pul o‘tkazilgach yoki so‘rov rad etilganda to‘liq raqam o‘chiriladi — faqat niqoblangan ko‘rinishi va undan raqamni tiklab bo‘lmaydigan himoyalangan xeshi (bir karta qayta ishlatilganini aniqlash uchun) qoladi; korxona kartasining to‘liq raqami esa karta rad etilganda yoki o‘chirilganda (arxivlanganda) o‘chiriladi.
- Shaxsni tasdiqlash ma’lumotlari — keshbekni yechib olishdan oldin: pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami, JShShIR, tug‘ilgan sana va pasportdagi ism. Faqat siz yuborganingizda va rozilik berganingizda yig‘iladi. Hujjat surati so‘ralmaydi.
- Suratlar — haydovchi tarozi va yuk suratini buyurtmaga biriktiradi; ular nizoli holatlarni hal qilish uchun saqlanadi.
- Texnik ma’lumotlar — IP manzil va qurilma turi, xavfsizlik va spamga qarshi chegaralar uchun.
- PRTS Biznes — haydovchi. Ism, telefon raqami, haydovchilik guvohnomasi va transport raqami (ma’mur kiritadi). Joylashuv — faqat ilova ochiq va smena yoqiq paytda (taxminan daqiqada bir marta), shuningdek «Yo‘lga chiqdim», «Yetib keldim» amallarida va mijoz topilmagani qayd etilganda: buyurtmalarni yaqin haydovchiga taqsimlash, mijozga haydovchini ko‘rsatish va manzilga yetib kelganini tasdiqlash uchun. Faqat oxirgi joylashuv saqlanadi — yo‘l tarixi saqlanmaydi. Joylashuv fon rejimida yig‘ilmaydi. Tarozi va yuk suratlari — yuqoridagi «Suratlar» bandi.
- PRTS Biznes — korxona. Korxona nomi, STIR, manzili, rahbar va mas’ul xodim ismi, telefon raqami, elektron pochta (ixtiyoriy) va to‘lov rekvizitlari — shartnoma, buyurtmalar va hisob-kitob hujjatlari uchun.
3. Nima uchun ishlatiladi
Buyurtmani qabul qilish va bajarish, haydovchini biriktirish, keshbek hisoblash va to‘lash, mijozlar bilan aloqa, xizmat sifatini baholash (5 yulduzli baho), firibgarlik va suiiste’molning oldini olish, qonun talablarini bajarish. Shaxsni tasdiqlash ma’lumotlari — jismoniy shaxsdan xomashyo xaridini hujjatlashtirish va pulni faqat o‘z egasining kartasiga o‘tkazish uchun.
4. Kimga beriladi
Buyurtmani bajarish uchun haydovchiga ismingiz, manzilingiz va aloqa raqamingiz ko‘rinadi. Buyurtmangizga biriktirilgan haydovchining ismi, transport raqami va joylashuvi sizga ko‘rinadi (buyurtma yakunlanguncha). Xaritada boshqa mashinalar ismsiz va taxminiy joylashuv bilan ko‘rsatiladi. Xodimlarimizga ish bildirishnomalari Telegram orqali yuboriladi; ularda mijozning ismi, telefoni va to‘liq manzili bo‘lmaydi (faqat tuman, vazn va vaqt oralig‘i). Kirish kodi SMS yoki Telegram orqali yuboriladi — qaysi biri ekanini kirish ekrani kod so‘rashdan oldin aytadi. SMS orqali yuborilganda telefon raqamingiz va bir martalik kod SMS-operatorga (Eskiz.uz, O‘zbekiston) uzatiladi. Telegram orqali yuborilganda raqam va kod Telegram’ga (Telegram Messenger Inc., Birlashgan Arab Amirliklari — «Telegram Gateway» tasdiqlash xizmati) uzatiladi: kod Telegram ilovangizdagi rasmiy «Verification Codes» chatiga keladi; raqamda Telegram bo‘lmasa, kod yuborilmaydi. Bu shaxsga doir ma’lumotni chet elga uzatish — uning asosi kirish ekranidagi «Kod Telegram’ga yuboriladi» ogohlantirishi bilan kod so‘raganingizda bergan roziligingiz. «Eko-Shahar» o‘yinidagi aqlli kamera surati chiqindi turini aniqlash uchun Anthropic (Claude, AQSh) sun’iy intellekt xizmatiga yuboriladi (11-bo‘lim). Ma’lumotlar reklama maqsadida uchinchi shaxslarga sotilmaydi va berilmaydi. Qonunda ko‘zda tutilgan hollarda davlat organlariga taqdim etilishi mumkin.
5. Qancha saqlanadi
Hisob faol ekan — doimiy. Mijoz hisobi o‘chirilganda telefon raqami, ism, familiya va elektron pochta tozalanadi; buyurtmalar va hamyon tarixi moliyaviy hisobot talablari bo‘yicha ism va telefonsiz saqlanadi (olib ketish manzili va xaritadagi nuqtasi buyurtma yozuvida qoladi). Haydovchi va korxona hisobi yopilganda reyslar, hisob-fakturalar, hamyon tarixi va korxona hujjatlari buxgalteriya va soliq hujjatlarini saqlash uchun qonunda belgilangan muddat davomida, ularga bog‘liq hisob ma’lumotlari (ism, telefon raqami) bilan birga saqlanadi. Tasdiqlangan shaxs ma’lumotlari moliyaviy yozuv sifatida qonunda belgilangan muddat (hozircha 5 yil) saqlanadi, keyin avtomatik o‘chiriladi; ko‘rib chiqilmagan ariza hisob o‘chirilganda darhol o‘chiriladi. Ma’lumotlar bazasining zaxira nusxalarida (faqat nosozlikdan keyin tiklash uchun) o‘chirilgan ma’lumot yana ko‘pi bilan 31 kun qolishi mumkin.
6. Hisobni o‘chirish
Mijoz ilovasida Profil → Hisobni o‘chirish. Faol buyurtma bo‘lsa avval u yakunlanishi yoki bekor qilinishi kerak. Hamyondagi mablag‘ni o‘chirishdan oldin yechib oling. PRTS Biznes ilovasida (haydovchi va korxona) — «Hisobni o‘chirish so‘rovi»: xodimimiz siz bilan bog‘lanadi va hisobni 7 kun ichida yopadi. Ilovasiz so‘rov (qo‘llab-quvvatlash telefoni orqali) va nima o‘chirilishi — Hisobni o‘chirish sahifasida. Mijoz hisobi o‘chirilgandan keyin shu raqam bilan qaytadan ro‘yxatdan o‘tish mumkin, lekin eski balans va tarix tiklanmaydi; haydovchi va korxona raqami saqlanadigan yozuvlar bilan band qoladi.
7. Xavfsizlik
Ma’lumotlar HTTPS orqali uzatiladi, kirish tokenlari qurilmada shifrlangan omborda saqlanadi, kirish kodlari bazada faqat hash ko‘rinishida turadi. JShShIR, hujjat raqami va bank kartasi raqami bazada shifrlangan; ularning to‘liq qiymatini faqat administrator, har safar audit iziga yozilgan holda ko‘ra oladi. Dispetcher, haydovchi va korxonalarga to‘liq qiymatlar ko‘rsatilmaydi, Telegram xabarlariga yozilmaydi (karta raqami — faqat niqoblangan ko‘rinishda, 2-bo‘lim). Ma’lumotlar bazasi, uning zaxira nusxalari va yuklangan suratlar O‘zbekiston hududidagi serverda saqlanadi.
8. Huquqlaringiz
Ma’lumotlaringizni ko‘rish, tuzatish (Profil bo‘limi) va o‘chirish huquqiga egasiz. Savollar bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Aqlli kamera roziligini istalgan vaqt O‘yin → Sozlamalar bo‘limida qaytarib olishingiz, «Beta sinov» uchun topshirgan suratlaringizni o‘sha yerda o‘chirishingiz va sun’iy intellekt natijasiga «Noto‘g‘ri?» tugmasi yoki qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali e’tiroz bildirishingiz mumkin (10-bo‘lim).
9. O‘zgarishlar
Siyosat yangilansa, ushbu sahifadagi sana o‘zgaradi. Muhim o‘zgarishlar haqida ilova orqali xabar beramiz.
10. «Eko-Shahar» o‘yini: qanday ma’lumotlar yig‘iladi
«Eko-Shahar» — mijoz ilovasi ichidagi ixtiyoriy o‘yin: real xaritada chiqindi konteynerlarini topish, tasdiqlash va baholash, kechki sayr va yugurish. O‘yin faqat 18 yoshdan katta jismoniy shaxs mijozlar uchun. O‘yinni ochmasangiz, quyidagi ma’lumotlar yig‘ilmaydi. Bu bo‘lim 2-bo‘limdagi joylashuv qoidasini to‘ldiradi: o‘yinda joylashuv quyida sanalgan hollarda ham ishlatiladi; siz boshlagan sayr sessiyasi ekran o‘chiq paytda ham yoziladi — bu yagona istisno, «har doim» (fon) joylashuv ruxsati so‘ralmaydi.
- Tug‘ilgan yil — o‘yinga birinchi kirishda o‘zingiz kiritasiz; 18 yoshga to‘lmaganlar uchun o‘yin yopiq. To‘liq tug‘ilgan sana va hujjat so‘ralmaydi.
- O‘yin xaritasi ochiq paytdagi joylashuv — yaqin atrofdagi maxluq va konteynerlarni ko‘rsatish uchun joylashuvingiz (koordinata, aniqlik, «soxta GPS» belgisi) serverga yuboriladi: xarita ochilganda, taxminan har 50 m yurganingizda va xarita yangilanganda. Bu so‘rovlarning koordinatasi saqlanmaydi.
- Amal paytidagi joylashuv — xaritadagi maxluqni tozalash, konteynerni tasdiqlash, baholash yoki qo‘shish tugmasini bosganingizda: koordinata, uning aniqligi va «soxta GPS» belgisi. Maxluqni tozalash, konteynerni tasdiqlash va baholashda koordinatangiz saqlanmaydi — faqat qaysi maxluq yoki konteyner, vaqt, ungacha masofa va aniqlik. Yangi konteyner qo‘shganda esa joriy joylashuvingiz taklif qilingan konteyner nuqtasi sifatida vaqt va izohingiz bilan birga saqlanadi; bu nuqta taklif rad etilsa ham va hisobingiz o‘chirilgandan keyin ham sizga bog‘lanmagan holda qoladi. Firibgarlikka qarshi tekshiruv uchun oxirgi amal nuqtasi va vaqti ham saqlanadi va ko‘pi bilan 7 soatda o‘chiriladi. Alohida GPS tarixi yuritilmaydi; amal yozuvlari (qaysi maxluq yoki konteyner, vaqt, masofa) hisob faol ekan saqlanadi.
- Sayr va yugurish sessiyasi — faqat o‘zingiz «Boshlash»ni bosganingizdan «Tugatish»gacha: GPS nuqtalari (vaqt, koordinata, aniqlik, tezlik, «soxta GPS» belgisi). Ekran o‘chsa ham yozish davom etadi — bu vaqtda sessiya yozilayotgani bildirishnomada ko‘rinib turadi (bildirishnoma ruxsati berilgan bo‘lsa telefon pardasida, aks holda tezkor sozlamalardagi faol ilovalar ro‘yxatida); «Tugatish» bosilgach yozish darhol to‘xtaydi. Ilova «har doim» (fon) joylashuv ruxsatini so‘ramaydi va sessiyadan tashqarida fonda joylashuvingizni yig‘maydi — sessiyadan tashqarida joylashuv faqat ilova ekranda ochiq paytda ishlatiladi. Masofani server trek bo‘yicha o‘zi hisoblaydi.
- Telefon qadamlari — faqat «Qadamlarni ulash»ga alohida rozilik berganingizdan keyin: telefon qadam hisoblagichidan (Google Play xizmatlari) soatlik qadam soni — kunlik energiya, qadam challenjlari va sessiya masofasini qadamlar bilan solishtirish uchun. Boshqa sog‘liq ma’lumotlari o‘qilmaydi. Ulanishni istalgan vaqt o‘chirish mumkin.
- Suratlar — faqat ilova kamerasi bilan (galereyadan emas) yangi konteyner qo‘shganda yoki «singan» deb baholaganda, boshqa holatlarda ixtiyoriy. Serverda surat qayta kodlanadi: joylashuv (EXIF/GPS) va qurilma ma’lumotlari o‘chiriladi. Suratni faqat administrator moderatsiya uchun ko‘radi; boshqa o‘yinchilarga va ommaga ko‘rsatilmaydi. Yuz tanish ishlatilmaydi, biometrik ma’lumot saqlanmaydi.
- Aqlli kamera — ilovada yoqilgan bo‘lsa va faqat ilovadagi alohida roziligingizdan keyin (rozilik matni versiyasi, rozilik va xavfsizlik qoidalari bilan tanishgan vaqtingiz saqlanadi; rozilikni qaytarib olsangiz, ular o‘chiriladi). Jonli kamera ko‘rinishi telefoningizdan chiqmaydi — faqat siz «Tekshirish»ni bosgan bitta surat yuboriladi, galereyadan yuklab bo‘lmaydi. Yuborishdan oldin telefon yuz va raqamlarni imkon qadar xiralashtiradi (yuz va matnni aniqlash telefonning o‘zida bajariladi, kimligi tanilmaydi), suratni kichraytiradi va undagi joylashuv va qurilma ma’lumotini o‘chiradi; juda kichik yoki yon tomondan ko‘ringan yuz xiralashmay qolishi mumkin. Kadrda yuz katta bo‘lsa yoki bir necha yuz bo‘lsa, surat yuborilmaydi. Xiralashgan surat ekranda qisqa vaqt (hozir 1,5 soniya) turadi — shu paytda «Bekor qilish»ni bossangiz, hech narsa yuborilmaydi; yuborish boshlangandan keyin bekor qilish surat sun’iy intellekt xizmatiga yetib borishini to‘xtatmasligi mumkin. Server suratni faqat tahlil davomida xotirada ushlaydi — diskka, bazaga va loglarga yozmaydi — va tahlildan keyin tashlaydi, agar siz «Xabar berish»ni bosmasangiz yoki «Beta sinov»ga topshirmasangiz; yig‘ish uchun eko-ball rejimi ilovada yoqilgan bo‘lsa, «Yig‘ib oldim»da toza joy tasdiqlanganda u «oldin» isboti sifatida ham saqlanadi (pastda va 12-bo‘lim). Har tekshiruvdan saqlanadi: sun’iy intellekt natijasi (chiqindi bor-yo‘qligi, materiali, taxminiy soni, ishonch darajasi, xavfli narsalar, joy turi, suratda odam, yuz, raqam yoki manzil ko‘rinishi belgilari — rasmsiz), suratning raqamli izi (xesh — takroriy va o‘xshash suratni aniqlash uchun), tekshiruv joyining taxminan 20 m lik katagi (takror va firibgarlikka qarshi; aniq koordinata saqlanmaydi), vaqt, mukofot va «Noto‘g‘ri?» javobingiz. Tekshiruv joylashuvi boshqa o‘yin amallaridagi kabi tekshiriladi (yuqorida, «Amal paytidagi joylashuv»); serverga yuboriladigan to‘xtab turgan soniyalar, telefon qiyaligi va xiralashtirilgan joylar soni saqlanmaydi.
- «Xabar berish» (aqlli kamera) — natija oynasida o‘zingiz bossangiz: o‘sha xiralashgan surat (yangi surat olinmaydi), joy (taxminan 11 m aniqlikda), siz qoldirgan materiallar va xavfli narsalar, «uy/hovli chiqindisi» belgisi, sun’iy intellekt natijasining nusxasi, mukofot va xabar holati. Suratni va aniq joyni faqat PRTS administratori ko‘radi; xabaringiz belgisi xaritada faqat sizga ko‘rinadi, boshqa o‘yinchilar faqat mahalla (taxminan 1 km) bo‘yicha haftalik tozalangan joylar sonini ko‘radi.
- «Yig‘ib oldim» (aqlli kamera) — ilovada yoqilgan bo‘lsa: «qo‘lqop yoki paket bilan» belgisini qo‘ygan vaqtingiz, ikki tasdiq suratining sun’iy intellekt natijasi (joy tozami, konteyner ko‘rindimi — rasmsiz) va mukofot. Tasdiq suratlari ham telefonda xiralashtirilib, tekshiruv surati kabi sun’iy intellekt xizmatiga yuboriladi; serverda ular saqlanmaydi, faqat yig‘ish uchun eko-ball rejimi yoqilgan bo‘lsa (o‘sha paytda eko-ball berilmasa ham) — tekshiruv surati («oldin» isboti) bilan birga, tekshiruv uchun qisqa muddat (12-bo‘lim).
- «Beta sinov» suratlari — ilovada yoqilgan bo‘lsa va faqat har surat uchun alohida roziligingiz bilan («Suratimni AI ni sinash uchun topshiraman»): xiralashgan surat, uning sun’iy intellekt natijasi, rozilik versiyasi va vaqti. Maqsad — sun’iy intellekt to‘g‘ri ishlashini tekshirish: administrator suratga to‘g‘ri javobni belgilaydi va sinov paytida surat yana sun’iy intellekt xizmatiga (11-bo‘lim) yuboriladi. Suratni faqat PRTS administratori ko‘radi; unda odam, yuz, avtomobil raqami yoki manzil ko‘rinib qolsa, darhol o‘chiriladi. Ixtiyoriy va mukofotsiz; topshirmasangiz, aqlli kamera odatdagidek ishlaydi.
- Konteyner hissalari — tasdiqlash («Shu yerda» / «Topilmadi»), holat bahosi va yangi konteyner takliflari (turi, joy turi, izoh). Moderatsiyadagi taklif (faqat turi va joyi, muallifsiz, suratsiz) o‘yin xaritasida yaqin atrofdagi o‘yinchilarga tasdiqlash uchun ko‘rinadi; umumiy PRTS xaritasiga faqat tasdiqlangach chiqadi. Tasdiqlangan konteyner umumiy PRTS xaritasida hammaga ko‘rinadi, lekin kim qo‘shgani, tasdiqlagani yoki baholagani ko‘rsatilmaydi.
- O‘yin hisobi — energiya, tajriba (XP), daraja, kutilayotgan eko-ball, challenj natijalari, mavsum yo‘li progressi va bezaklar hamda ularning tarixi. Tekshiruvdan o‘tgan eko-ball eko-hamyoningizga «Eko-Shahar o‘yini» yozuvi bilan tushadi va hamyon tarixida saqlanadi.
- Firibgarlikka qarshi belgilar — soxta GPS, imkonsiz tezlik yoki sakrash, qadamlar va masofa nomuvofiqligi, Google Play Integrity natijasi (ilova Google Play’dan o‘rnatilganmi va qurilma sertifikatlanganmi). Play Integrity uchun ilova sessiya boshi va oxirida Google’dan bir martalik token oladi, server uni Google orqali tekshiradi; tokenning o‘zi saqlanmaydi, sessiyaga faqat natija yoziladi. Play Integrity natijasi faqat belgi — u o‘yinni bloklamaydi, uni administrator ko‘rib chiqadi. Soxta GPS bilan qilingan amal va transportda yozilgan sayr qabul qilinmaydi; takroriy qoidabuzarlik belgilari (7 kunda 6 ta) avtomatik ravishda 7 kunlik cheklovga olib keladi: konteyner qo‘shish o‘chadi, tasdiqlashlaringiz «Topilmadi» navbati va avtomatik tasdiqlashda hisobga olinmaydi, shu davrda bajarilgan challenj mukofoti administrator ko‘rib chiqquncha ushlanadi.
11. «Eko-Shahar»: kimga beriladi
O‘yin ma’lumotlari (joylashuv, trek, qadamlar, suratlar) boshqa o‘yinchilarga, reklama beruvchilarga, Telegram botlarga va AI yordamchiga berilmaydi; ommaviy reyting va faollik xaritasi yo‘q. Yagona istisno — siz qo‘shgan konteyner taklifining turi va joyi (10-bo‘lim): u muallifsiz ko‘rinadi. Sayr trekini faqat o‘zingiz ko‘rasiz. Xarita tasvirlari (plitkalar) PRTS plitka serveridan yuklanadi — xaritada qaysi joyni ko‘rayotganingiz uchinchi tomonga ketmaydi. Asosiy plitka serveri ishlamay qolganda va zaxira yoqilgan bo‘lsa, plitkalar Stadia Maps xizmatidan serverimiz orqali olinadi: Stadia Maps’ga faqat xarita katagi raqami ketadi, IP manzilingiz, joylashuvingiz va hisobingiz ketmaydi. Play Integrity tokeni tekshiruv uchun Google’ga yuboriladi.
Aqlli kamera bundan istisno (10-bo‘lim): siz «Tekshirish»ni bosgan xiralashgan surat (joylashuv ma’lumotisiz) PRTS serveri (O‘zbekiston) orqali faqat chiqindi turini aniqlash uchun Anthropic PBC kompaniyasining Claude sun’iy intellekt xizmatiga (AQSh) yuboriladi; «Yig‘ib oldim» tasdiq suratlari va «Beta sinov» suratlari ham shu xizmatga shu maqsadda yuboriladi. Unga ismingiz, telefon raqamingiz, joylashuvingiz, vaqt va qurilma ma’lumoti yuborilmaydi — faqat surat, o‘zgarmas so‘rov matni va suiiste’molni aniqlash uchun qaytarib bo‘lmaydigan taxallus identifikator (u PRTSning boshqa xizmatlaridagi identifikatorlar bilan bog‘lanmaydi). Anthropic so‘rovni o‘z qoidalariga ko‘ra 30 kungacha saqlashi mumkin (qoidabuzarlik aniqlansa — uzoqroq) va bu ma’lumotdan o‘z modellarini o‘qitish uchun foydalanmaydi. Shaxsga doir ma’lumotni chet elga uzatish asosi — ilovadagi alohida roziligingiz. Sun’iy intellekt suratdagi chiqindi turi va miqdorini, joy turini (masalan, yo‘lning qatnov qismi), suratning haqiqiyligini (ekran yoki boshqa suratdan olinmaganini), odam yoki raqam ko‘rinishini va xavfli narsalarni baholaydi; mukofot berilishi yoki berilmasligi shu baho asosida ilovadagi qat’iy qoidalar bilan hisoblanadi, cheklov va mukofotni bekor qilish bo‘yicha qarorni esa administrator qabul qiladi. Yuz va matnni aniqlash telefonda bajariladi — surat bu maqsadda Google’ga yuborilmaydi.
12. «Eko-Shahar»: qancha saqlanadi
- Oxirgi amal nuqtasi (sakrash tekshiruvi uchun) — ko‘pi bilan 7 soat.
- Sayr trekining GPS nuqtalari — 7 kun (tungi tozalashda o‘chiriladi, ko‘pi bilan 8 kun); sessiya xulosasi (masofa, vaqt, holat) koordinatasiz qoladi.
- Soatlik qadamlar — 14 kun (ko‘pi bilan 15 kun); kunlik yig‘indi va energiya tarixi qoladi.
- Suratlar: hech bir amalga biriktirilmagani — 24 soat, tasdiqlash yoki baholashga ixtiyoriy biriktirilgan va moderatsiyaga yuborilmagani — 30 kun, moderatsiyada rad etilgani — qarordan keyin 30 kun, tasdiqlangani — qarordan keyin 180 kun, ko‘rib chiqilayotgani — qaror chiqquncha (oxirgi marta ko‘rib chiqishga yuborilganidan ko‘pi bilan 180 kun); keyin fayli bilan birga o‘chiriladi (har soatdagi tozalashda, muddatdan ko‘pi bilan 1 soat keyin).
- O‘yin hisobi, hissalar va amal yozuvlari (qaysi maxluq yoki konteyner, vaqt, masofa) — hisob faol ekan.
- Firibgarlikka qarshi belgilar (turi, vaqti, sessiya) — hisob faol ekan; hisob o‘chirilganda o‘chiriladi.
- Aqlli kamera surati: telefonda — natija oynasi yopilguncha, ko‘pi bilan xabar berish muddatigacha (hozir 15 daqiqa), «Yig‘ib oldim» boshlangan bo‘lsa — yig‘ish ekrani yopilguncha (yig‘ish oynasi hozir 30 daqiqa), keyin telefondan o‘chiriladi; serverda — saqlanmaydi (faqat tahlil davomida xotirada), «Xabar berish», «Beta sinov» va «Yig‘ib oldim» isboti (pastda) bundan mustasno.
- Aqlli kamera tekshiruvi yozuvi (sun’iy intellekt natijasi, suratning raqamli izi, vaqt, mukofot) — 30 kun (tungi tozalashda o‘chiriladi, ko‘pi bilan 31 kun); tekshiruv joyining taxminan 20 m lik katagi — 7 kun (soatlik tozalashda yozuvdan o‘chiriladi). «Yig‘ib oldim» yozuvi — 30 kun (ko‘pi bilan 31 kun).
- «Xabar berish» surati — ko‘rib chiqilguncha, ko‘pi bilan 30 kun (shu muddatda ko‘rib chiqilmagan xabar keyingi tungi tozalashda yopiladi va surati o‘chiriladi); tasdiqlansa — qarordan keyin 30 kun, rad etilsa yoki boshqa xabarga qo‘shilsa — 14 kun; suratda odam yoki raqam ko‘ringani uchun rad etilsa — darhol.
- Aqlli kamera xabari yozuvi (joy, materiallar, natija, mukofot) — qarordan yoki ko‘rib chiqilmay yopilganidan 30 kun keyin sizdan ajratiladi: muallifsiz qoladi, joyi taxminan 110 m gacha, sanasi kungacha yaxlitlanadi; muallifsiz yozuv statistika («Mahalla tozaligi») va xavfsiz issiq nuqta tanlash uchun yana 365 kun saqlanadi.
- «Yig‘ib oldim» tasdiq suratlari — saqlanmaydi; faqat yig‘ish uchun eko-ball rejimi yoqilgan bo‘lsa — tasdiq suratlari va «oldin» isboti sifatidagi tekshiruv surati hozir 72 soat (ko‘pi bilan 30 kun).
- «Beta sinov» surati — 90 kungacha (muddat o‘tgach tungi tozalashda o‘chiriladi); Sozlamalarda o‘chirsangiz — darhol. Sinov uchun olingan vaqtinchalik nusxa sinovdan keyin o‘chiriladi va bu muddatdan oshmaydi.
- Anthropic’ga yuborilgan so‘rov — Anthropic qoidalariga ko‘ra 30 kungacha (qoidabuzarlik aniqlansa — uzoqroq; 11-bo‘lim).
- Ma’lumotlar bazasining zaxira nusxalari (nosozlikdan keyin tiklash uchun) yuqoridagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi va 30 kun saqlanadi (kunlik tozalashda o‘chiriladi, ko‘pi bilan 31 kun). Shu sababli muddati o‘tib yoki hisob bilan birga o‘chirilgan ma’lumot zaxira nusxalarda yana ko‘pi bilan 31 kun qolishi mumkin; ular boshqa maqsadda ishlatilmaydi.
- Konteyner taklifi nuqtasi (joyi, turi, vaqti, izohi) — muddatsiz, hisob o‘chirilgandan keyin sizga bog‘lanmagan holda (13-bo‘lim).
13. «Eko-Shahar»: hisob o‘chirilganda
Hisobingiz o‘chirilganda o‘yin profili, energiya va kutilayotgan ball tarixi, sessiyalar va treklar, qadamlar, tasdiqlash va baholashlaringiz, challenj natijalari va suratlaringiz o‘chiriladi (surat fayllari keyingi tozalashda); hisobga tushgan eko-ball yozuvlari hamyon tarixida qoladi. Siz yuborgan konteyner takliflari (joyi, turi, vaqti, izohi — rad etilgani ham) va administrator tasdiqlagan konteynerlar qoladi — endi sizga bog‘lanmagan holda; tasdiqlangan konteyner xaritada ko‘rinaveradi, taklif surati o‘z muddatida o‘chiriladi. Ma’lumotlar bazasining zaxira nusxalarida bu ma’lumotlar ko‘pi bilan 31 kun qoladi (12-bo‘lim) va faqat nosozlikdan keyin tiklash uchun ishlatiladi. O‘yin hisobi pulga almashtirilmaydi, shuning uchun o‘chirishdan oldin yechib olinadigan narsa yo‘q.
Aqlli kamera: tekshiruv va «Yig‘ib oldim» yozuvlari, rozilik belgisi, «Xabar berish» va «Beta sinov» suratlari darhol o‘chiriladi (surat fayllari keyingi tozalashda); xabar yozuvlari esa darhol sizdan ajratiladi va muallifsiz (joyi taxminan 110 m gacha, sanasi kungacha yaxlitlangan) 12-bo‘limdagi muddatda qoladi. Anthropic’ga avval yuborilgan so‘rov uning qoidalaridagi muddatda o‘chadi (11-bo‘lim).
14. «Eko-Shahar»: ruxsatlar
Joylashuv (faqat ilova ochiq paytda va siz boshlagan sayr sessiyasida), kamera (konteyner surati, kamera rejimi va aqlli kamera — jonli kamera ko‘rinishi qurilmadan chiqmaydi; aqlli kamerada faqat siz «Tekshirish»ni bosgan bitta surat yuboriladi, boshqa hollarda ham faqat siz yuborgan surat serverga ketadi), jismoniy faollik (telefon qadamlari) va bildirishnomalar (sessiya yozilayotgani haqida) — har biri kerak bo‘lgan paytda, oldidan izoh bilan so‘raladi. Ruxsat bermasangiz, o‘yinning faqat o‘sha qismi ishlamaydi.
15. Bekor qilish yozuvlari va ishonchlilik ko‘rsatkichi
- Nima yoziladi: har bir bekor qilingan buyurtma bo‘yicha kim va qachon bekor qilgani, sabab kodi va ixtiyoriy izoh, bosqich (masalan, haydovchi yo‘lda yoki yetib kelgan), hisoblangan va yechilgan to‘lov, e’tiroz va uning natijasi; haydovchining «Yetib keldim» vaqti, manzilgacha masofa va bot xabari yetkazilgani. Haydovchi joylashuvining koordinatalari bu yozuvda saqlanmaydi — faqat masofa.
- Ishonchlilik ko‘rsatkichi (0–100) — shu yozuvlardan va yakunlangan buyurtmada ko‘rsatilgan eng kam hajmdan juda kam topshirilgan holatlardan avtomatik hisoblanadi (oxirgi 90 kun). Maqsadi — haydovchi va dispetcher vaqtini behuda chiqishlardan himoya qilish. Bu avtomatik qaror: ko‘rsatkich past bo‘lsa, yangi buyurtma dispetcher tasdig‘ini talab qiladi va bir vaqtda bitta faol buyurtma berish mumkin (Ommaviy oferta, 15-bo‘lim). Hisob bloklanmaydi; qarorni dispetcher ko‘rib chiqadi va siz qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali e’tiroz bildira olasiz. Ko‘rsatkich haydovchi va korxonalarga ko‘rsatilmaydi.
- Qancha saqlanadi: ishonchlilik hodisalari 270 kun saqlanadi, keyin avtomatik o‘chiriladi; hisob o‘chirilganda darhol o‘chiriladi. Bekor qilish yozuvi to‘lov va qarz hisobining bir qismi sifatida moliyaviy hisobot talablari bo‘yicha saqlanadi (5-bo‘lim); hisob o‘chirilganda undagi izohlar (sizning izohingiz, e’tiroz matni va xodim izohlari) o‘chiriladi.
Summary in English
PRTS and PRTS Biznes are operated by YTT TOSHMAMATOV ASROR BOTIR O'G'LI, a sole proprietor registered in Uzbekistan (contact: +998 95 105 00 52, prts.uz@proton.me). This is a private service, not a government organisation. We collect: phone number (sign-in with a one-time code), name, pickup address and location (foreground only), order and payout history, and — only if you request a payout — identity details and your bank card number (stored encrypted). In PRTS Biznes we additionally collect the driver’s location while the app is open and the driver is on shift, scale photos, and company details. Data is used only to provide the service, prevent fraud and meet legal obligations. It is not sold and not used for advertising. One-time codes are delivered by SMS (Eskiz, Uzbekistan) or through Telegram. Data is stored on servers in Uzbekistan and sent over HTTPS. You can delete your account in the app or at https://prts.uz/hisobni-ochirish. The service is for adults (18+).